Jenevadagi YUNKTAD bosh qarorgohida yuqori darajadagi uchrashuv

14.10.2022
O‘qish vaqti: 2 min.
2022-yil 14-oktabr kuni Jenevada O‘zbekiston madaniyati va san’atini rivojlantirish jamg‘armasi ijrochi direktori Gayane Umerova boshchiligidagi hay’at UNKTAD/Jahon savdo tashkilotining Xalqaro savdo markazi Bosh direktori o‘rinbosari Doroti Tembo hamda UNKTAD qoshidagi Xalqaro savdo va xom ashyo mahsulotlari boshqarmasi direktori Tereza Moreyra bilan qator ikki tomonlama muzokaralarni o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda kreativ sohasini rivojlantirishga doir qator masalalar, xususan, ijodiy sanoat bo‘yicha yo‘l xaritasini yaratish, ustalarning ijodiy va savdo malakalarini oshirish orqali mamlakatda hunarmandchilikni rivojlantirish hamda dong‘i chiqqan xalqaro korxonalar bilan hamkorlik qilish orqali o‘zbekistonlik hunarmandlarning xalqaro bozorlarga chiqishi kabi qator masalalar muhokama qilindi. Jamg‘armaning Toshkent shahridagi sanʼat qarorgohi maydonlarida hunarmandlar uchun maxsus ijodxona va tadbirkorlik maskanlarini vujudga keltirishga alohida urg‘u berildi. Shuningdek, yig‘ilishda hunarmandchilikda nogironligi bor shaxslar uchun sharoitlarni yaratish masalalari ham ko‘tarildi. 2024-yilda O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan kreativ iqtisodiyot bo‘yicha IV Butunjahon konferensiyasiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida hamkorlik qilish xususida kelishuvga erishildi.