Jakartadagi Kreativ iqtisodiyot doʻstlari xalqaro anjumanida ishtirok etildi

04.10.2023
O‘qish vaqti: 2 min.
2023-yil 4-oktabrda O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi maslahatchisi Elmurod Najimov boshchiligidagi ishchi guruh IV Butunjahon kreativ iqtisodiyot konferensiyasiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida Indoneziyada muzokaralar o‘tkazdi.
Tashrif doirasida Indoneziya turizm va kreativ iqtisodiyot vaziri Sandiaga Uno, uning o‘rinbosarlari hamda tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralarda 2024-yilda O‘zbekiston mezbonlik qiladigan IV Butunjahon kreativ iqtisodiyot konferensiyasiga taraddud jarayoni muhokama etildi.
Bundan tashqari Indoneziya delegatsiyasining O‘zbekistonga bo‘lajak tashrifi davomida ikki muassasa o‘rtasida imzolanishi rejalashtirilayotgan o‘zaro anglashuv memorandumi muhokama qilindi. Shuningdek, muzorakalar chog‘ida ikkala mamlakatning sayyohlik salohiyati va uni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarga ham to‘xtalib o‘tildi.
Ishchi tashrif “Ijodiy iqtisodiyotga nisbatan puxta strategik madadni shakllantirish va taqdim etish” mavzusidagi “Kreativ iqtisodiyot do‘stlari” xalqaro munozara anjumanida qatnashish bilan mazmunan boyitildi. Tadbirda 35 dan ziyod mamlakatdan kelgan kreativ iqtisodiyot bo‘yicha yetakchi mutaxassislar ishtirok etdilar.